5 ming dollarlik ish va’dasi: Qoraqalpog‘istonda gumonlanuvchi ushlandi
U fuqaroni hamshiralikka ishga joylashtirish evaziga pul talab qilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida fuqaroni ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 5 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tumanda yashovchi fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, tanishlari orqali Qo‘ng‘irot lokomotiv deposidagi bo‘sh hamshira lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs undan 5 ming dollar so‘rayotganini bildirgan. Gumonlanuvchi pulning 2 500 dollarini oldindan berishni talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘lida ishlovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro kelishilgan summaning yarmini olayotgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








