Global harorat yana ko‘tarildi: 2026-yil eng issiq ikkinchi yil bo‘lishi mumkin
Mutaxassislar 2026-yilning 2024-yildagi harorat rekordini takrorlashi yoki yangilashi ehtimolini 20 foiz deb baholamoqda.

Yevropa iqlim xizmati — Kopernikning yangi hisobotiga ko‘ra, 2026-yil kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq yil bo‘lishi ehtimoli taxminan 80 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, uning 2024-yildagi rekordni takrorlashi yoki undan ham oshib ketishi ehtimoli 20 foiz deb baholanmoqda.
6-noyabr kuni e’lon qilingan tadqiqotda qayd etilishicha, 2026-yil oktabr oyi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oktabr bo‘lgan. Bu oyda o‘rtacha global harorat 15,35 daraja Selsiyni tashkil etib, 1850–1900-yillardagi sanoatgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichidan 1,75 darajaga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, global harorat ketma-ket uchinchi oy davomida 1,5 darajalik chegaradan oshgan.
Olimlar 2026-yil davomida o‘rtacha global harorat sanoatgacha bo‘lgan davr darajasidan 1,56–1,61 daraja yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda. Yil yakunida haroratning 1,5 darajalik chegaradan oshishi ehtimoli 99 foizdan yuqori deb baholanmoqda.
Okeanlarda ham harorat yuqoriligicha qolmoqda. Oktabr oyida qutb mintaqalaridan tashqaridagi dengiz yuzasi harorati o‘rtacha 20,95 darajaga yetib, ushbu oy uchun rekord ko‘rsatkichni qayd etgan.
Ekvatorial Tinch okeanida suv yuzasi haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq tabiiy hodisa — El-Ninyo ham global haroratning oshishiga qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar, shuningdek, 2023–2026-yillar oralig‘idagi to‘rt yillik davr uchun o‘rtacha global harorat ham sanoatgacha bo‘lgan darajadan ilk bor 1,5 darajadan ko‘proq yuqori bo‘lishini kutmoqda.








