Isroilda Netanyahuning raqibiga imkoniyat berildi: yangi hukumatni shakllantirish unga topshirildi
Bu qaror parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotgan amaldagi bosh vazir Benyamin Netanyahuning hokimiyatda qolish imkoniyatlarini yanada murakkablashtirdi.

Isroil prezidenti Isaak Gersog muxolifat yetakchilaridan biri Gadi Ayzenkotga yangi hukumatni shakllantirish vakolatini berishga qaror qildi. Unga koalitsiya tuzish uchun olti haftagacha vaqt ajratiladi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Ayzenkotning nomzodi 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin siyosiy partiyalar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida tanlangan. Bu qaror amaldagi bosh vazir Benyamin Netanyahu uchun navbatdagi siyosiy zarba bo‘ldi. Saylov natijasida uning koalitsiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotgan.
Saylovda Netanyahuning siyosiy bloki 53 ta, Ayzenkot boshchiligidagi muxolifat 48 ta, arab partiyalari esa jami 19 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan. Hukumat tuzish uchun 120 o‘rinli Knessetda kamida 61 ta deputatning qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.
Ayzenkot hukumatni shakllantirish uchun uchta asosiy yo‘ldan birini tanlashi mumkin: Netanyahu bilan hokimiyatni bo‘lishish, arab partiyalari ko‘magiga tayanish yoki o‘ta konservativ diniy partiyalar bilan kelishish.
Biroq bu variantlarning har biri siyosiy kelishmovchiliklar bilan bog‘liq. Xususan, Ayzenkot va uning ittifoqchilari o‘ta konservativ yahudiylar uchun harbiy xizmatdan ozod etish imtiyozlarini bekor qilish tarafdori. Diniy partiyalar esa mazkur imtiyozlarni saqlab qolishni talab qilmoqda.
Arab partiyalarining ko‘magiga tayanish ham muxolifat ichida bir xil qo‘llab-quvvatlanmayapti. Ayzenkotning ayrim ittifoqchilari ular bilan koalitsiya tuzishga qarshi. Shunga qaramay, parlamentdagi ikki arab partiyasi jami 19 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan va Ayzenkotni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Ayni paytda Netanyahu Ayzenkotning hukumat tuzishiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda. U shanba kuni muxolifat yetakchisini «milliy birlik hukumati»ni shakllantirishga chaqirgan. Shuningdek, Netanyahu arab partiyalari bilan ittifoq tuzishni xiyonat deb baholamoqda.
Ayzenkotga hukumat tuzish uchun dastlab 28 kun beriladi. Prezident bu muddatni yana ikki haftaga uzaytirishi mumkin. Agar u muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, hukumat shakllantirish imkoniyati Netanyahuga berilishi mumkin. U ham koalitsiya tuza olmasa, Isroilda kelasi yil bahorida navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi.
Yangi saylangan Knesset deputatlari seshanba kuni qasamyod qiladi. Yangi hukumat tuzilguniga qadar Netanyahu va uning mahkamasi cheklangan vakolatlar bilan muvaqqat hukumat sifatida faoliyat yuritadi.








