5 831 shaxmatchi, 620 mln so‘m: “Zakovat-Gambit” final bahslari boshlandi
Musobaqada jahon grossmeysterlari Peter Leko va Xampi Koneru ham qatnashmoqda.

Toshkent shahrida 5 831 nafar shaxmatchini jamlagan V “Zakovat-Gambit” turnirining final bosqichiga start berildi.
Bu yil musobaqada ishtirokchilarni saralash uchun ilk bor ikki bosqichli tizim joriy etildi. Dastlab mamlakatning barcha 14 hududida yuzma-yuz bahslar o‘tkazildi, shundan so‘ng onlayn platformada qo‘shimcha saralash o‘yinlari tashkil qilindi.
“Zakovat Arena” binosida o‘tayotgan final bahslarida shaxmatchilar o‘z darajalariga ko‘ra beshta guruhga bo‘lingan holda jami 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun kurashmoqda.
Har bir guruhda birinchi o‘rin sohibiga 50 million, ikkinchi o‘rin egasiga 30 million, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchiga esa 20 million so‘mdan mukofot beriladi. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi eng kuchli shaxmatchi ham 20 million so‘m bilan taqdirlanadi.
Turnirning eng yosh ishtirokchisi — 8 yoshli Mustafo Po‘latov va eng yoshi ulug‘ qatnashchisi — 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidovga 10 million so‘mdan maxsus mukofot topshiriladi.
Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova va Umida Omonova ham ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, turnirga taklif etilgan jahon shaxmat yulduzlari — grossmeysterlar Peter Leko va Xampi Koneru yosh sportchilar bilan seans o‘yinlari o‘tkazdi. Ular O‘zbekistonda shaxmat jadal rivojlanayotgani va yoshlarning ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishi katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Barcha guruhlar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi 30-oktabr kuni “O‘zbekfilm” pavilonida o‘tkaziladi.








