Jahon

Yevropada elektr energiyasi narxi keskin oshdi: bir megavatt-soat 600 yevrodan qimmatlashdi

Yevropada shamolsiz va bulutli ob-havo sabab qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish kamaydi.

Yevropada elektr energiyasi narxi keskin oshdi: bir megavatt-soat 600 yevrodan qimmatlashdi

Yevropada shamol elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarishning keskin kamayishi elektr energiyasi narxining oshishiga sabab bo‘ldi. 9-noyabr kuni kechki tig‘iz soatlarda birja narxlari bir megavatt-soat uchun 600 yevrodan oshdi.

 

Germaniya, Buyuk Britaniya va Benilyuks davlatlarida shamol deyarli esmayapti. Sinoptiklar qit’aning shimoli-g‘arbiy va markaziy hududlarida quyosh hamda shamol energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamida chorshanba kunigacha past bo‘lishini prognoz qilmoqda.

 

Shamol va quyosh elektr stansiyalari yetarli energiya ishlab chiqarmagani sababli kompaniyalar tabiiy gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirishga majbur bo‘lmoqda. Gaz narxining yuqoriligi elektr energiyasining birja qiymatiga ham ta’sir qilmoqda.

 

Vaziyatni havo haroratining odatdagi me’yordan 1–3 darajaga pasaygani ham murakkablashtirgan. Bu esa isitishga bo‘lgan talab va xarajatlarni oshirgan.

 

9-noyabr kuni elektr energiyasini bir kun oldin yetkazib berish bo‘yicha bozorda Fransiyada bir megavatt-soat narxi 334,12 yevro, Germaniyada esa 345,64 yevroni tashkil etgan. Fransiyadagi bu ko‘rsatkich 2022-yil dekabridan buyon eng yuqori narx hisoblanadi. Ayrim kechki 15 daqiqalik savdo oraliqlarida narxlar 600 yevrodan ham oshgan.

 

Shuningdek, Germaniyada dekabr oyiga mo‘ljallangan elektr energiyasi fyucherslari narxi bir megavatt-soat uchun 200 yevrodan yuqoriga ko‘tarilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.