Jahon

G‘azoda qum uyumi chodirlar ustiga quladi: to‘rt kishi halok bo‘ldi

Kuchli yomg‘ir oqibatida yuz bergan hodisa Dayr al-Balah shahri janubidagi ko‘chirilgan oilalar lagerida sodir bo‘lgan.

G‘azoda qum uyumi chodirlar ustiga quladi: to‘rt kishi halok bo‘ldi

G‘azoda kuchli yomg‘ir oqibatida qumli qiyalik o‘pirilib, ko‘chirilgan falastinliklar yashayotgan chodirlar ustiga qulab tushdi. Hodisa oqibatida bir ayol va uch nafar bola halok bo‘ldi, yana olti kishi jarohatlandi.

 

Reuters xabariga ko‘ra, hodisa yakshanba kuni kechqurun Markaziy G‘azodagi Dayr al-Balah shahrining janubida yuz bergan. Kuchli yomg‘ir ko‘chirilgan oilalar lageri yonidagi toshloq qumli qiyalikni yuvib ketgan. Halok bo‘lgan bolalarning ikkitasi 8 va 6 yoshda, yana biri 4 yoshda bo‘lgan.

 

Hodisa joyida qutqaruv ishlari olib borilgan. Mahalliy aholi bolg‘a va belkuraklar yordamida qum-tosh uyumlarini chetga surib, vayronalar ostida qolganlarni qidirgan.

 

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni boshlangan kuchli yomg‘irning dastlabki soatlaridayoq G‘azoda kamida 70 mingta chodirni suv bosgan. BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi esa hafta oxiridagi yomg‘irlar oqibatida boshpanalari yoki buyumlari zarar ko‘rganini bildirgan 26 mingdan ortiq xonadondan murojaat kelib tushganini ma’lum qilgan.

 

Ayni paytda G‘azo aholisining katta qismi chodirlarda yoki bombardimon qilingan binolar vayronalarida yashamoqda. Hududda qishki yomg‘irlar boshlanishi bilan suv toshqinlari va boshpanalarning qulab tushishi aholi uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.

 

G‘azo fuqaro mudofaasi xizmati vakili Mahmud Basalning ta’kidlashicha, chodirlar aholini yomg‘ir va issiqdan himoya qila olmaydi. Uning fikricha, muammoning yagona yechimi hududni qayta qurishdir.

 

Reuters qayd etishicha, AQSH vositachiligida o‘tgan yili erishilgan sulh kelishuvida G‘azoni qayta qurish masalasi ham ko‘zda tutilgan. Biroq HAMASni qurolsizlantirish va Isroil qo‘shinlarini hududdan olib chiqish bo‘yicha kelishmovchiliklar sababli bu borada sezilarli siljish kuzatilmagan. Isroil esa HAMAS qurolsizlantirilmaguncha qayta qurish ishlari boshlanishi mumkin emasligini bildirmoqda.