Prezident sog'liqni saqlash xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari tabrigida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
Prezidentning qayd etishicha, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 7 barobar oshirilib, joriy yilda 49 trillion so‘mga yetkazilgan. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalari joriy etilmoqda.
Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modeli bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Infarkt va insultga qarshi kurashish, onkologik va gematologik kasalliklarni erta aniqlash hamda palliativ yordamni rivojlantirish bo‘yicha milliy tizimlar yaratilgan.
Tabrikda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. DMED elektron axborot tizimi orqali 38 milliondan ortiq aholining tibbiy kartasi shakllantirilgan. «Elektron poliklinika», «Elektron shifoxona» va «Elektron retsept» tizimlari joriy etilmoqda. Kelgusida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan shifokor va hamshiralarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda foydalanish rejalashtirilgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida «Mablag‘ bemor ortidan boradi» tamoyili joriy etilgani, reimbursatsiya dasturi orqali aholiga bepul beriladigan dori vositalari ko‘lami kengaytirilgani ham qayd etilgan. Yil oxirigacha barcha hududlarda sug‘urta mexanizmlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish va aholini kafolatlangan tibbiy yordam bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot ta’limi rivojiga to‘xtalar ekan, 2017-yildan buyon tibbiyot oliygohlariga qabul kvotasi 4,5 barobar oshganini bildirdi. Hozirda ushbu oliygohlarda 41 ta davlatdan kelgan talabalar tahsil olmoqda, xorijlik talabalar soni 15 ming nafardan oshgan.
Kelgusi yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi. 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura dasturlari orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Prezident xususiy tibbiyot va farmatsevtika sanoatining rivojlanishiga ham e’tibor qaratdi. So‘nggi o‘n yilda mamlakatdagi xususiy klinikalar soni 3,5 mingdan 9 mingdan oshgan. Ularga ruxsat etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar turi esa 50 tadan 213 taga yetgan. Mahalliy korxonalarda 6,8 mingdan ortiq turdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda va farmatsevtika mahsulotlari 50 dan ziyod mamlakatga eksport qilinmoqda.
Davlat rahbari mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 yoshdan 75,4 yoshga yetganini ta’kidlab, bu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish vazifasi turganini qayd etdi.
Shuningdek, Prezident soha xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish va samarali davolash bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta’kidladi. U tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.








