Ish haqi berilmagan edi: Rossiyada 8 o‘zbekistonlikka 1,5 million rubldan ortiq mablag‘ undirildi
Undiriladigan mablag‘ ish haqi qarzdorligi, kechiktirilgan to‘lovlar uchun kompensatsiya va ma’naviy zarar tovonlarini o‘z ichiga oladi.

Rossiyada ish beruvchilardan ish haqini o‘z vaqtida ololmagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining mehnat huquqlari sud orqali himoya qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil oktyabr oyida Rossiya sudlari ushbu fuqarolar foydasiga jami 1 519 786 rubl undirish bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilgan. Undiriladigan mablag‘ ish haqi bo‘yicha qarzdorlik, to‘lov kechiktirilgani uchun kompensatsiya hamda ma’naviy zarar tovonini o‘z ichiga oladi.
Migratsiya agentligi xorijda ishlayotgan fuqarolarni mehnat huquqlari buzilgan yoki ish haqi to‘lanmagan taqdirda agentlikka murojaat qilishga chaqirdi.
Murojaat uchun: 1282 qisqa raqami yoki +998 71 202 33 55 telefon raqami orqali bog‘lanish mumkin.
Shuningdek, @huquqiy_yordam_uzbot va agentlikning Moskvadagi vakolatxonasi (+7 925 045 47 44) orqali murojaat qilish mumkin.








