Toshkent IES mazut yoqishni to‘xtatishi mumkin: yangi “Halqa” podstansiyasiga kuchlanish berildi
Yangi podstansiyaning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismidagi elektr yuklamalari qayta taqsimlanadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr ta’minotini yaxshilash hamda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 500 kVli yangi “Halqa” podstansiyasiga kuchlanish berildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur podstansiya 1602 MVA quvvatga ega. Uning ishga tushirilishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr energiyasi ta’minotini yanada mustahkamlash, shuningdek, mavjud elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani maqbul taqsimlash imkonini beradi.
Yangi podstansiyaning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismidagi elektr yuklamalari qayta taqsimlanadi. Natijada Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tushadigan yuklama kamayib, stansiyada mazut yoqilg‘isidan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi.
Vazirlik qayd etishicha, “Halqa” podstansiyasining ahamiyati faqat elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bilan cheklanmaydi. U poytaxt va unga tutash hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Umumiy qiymati 171,4 mln AQSh dollarini tashkil etgan mazkur investitsiya loyihasi Jahon banki ishtirokida amalga oshirildi. Loyiha doirasida 1602 MVA quvvatli “Halqa” podstantsiyasi bilan birga 220 kVli 213 kilometr va 500 kVli 72 kilometr, jami 285 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari barpo etildi.
Ushbu infratuzilma mamlakat yagona energetika tizimining uzatish imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi oqimlarini samarali taqsimlash va ortib borayotgan iste’mol talabini ishonchli qondirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni paytda yangi obyektlarni yagona energetika tizimiga to‘liq integratsiya qilish bo‘yicha yakuniy ishlar davom etmoqda.








