O'zbekiston

45 ming dollarlik noqonuniy savdo: Yangiyo‘lda 620 ta xavfli isitish qozoni aniqlandi

Toshkent viloyatida soxta hujjat va sertifikatlar bilan xavfli isitish qozonlarini sotayotgan tadbirkor va gaz ta’minoti xodimi qo‘lga olindi.

45 ming dollarlik noqonuniy savdo: Yangiyo‘lda 620 ta xavfli isitish qozoni aniqlandi

 

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan, foydalanishga yaroqsiz isitish qozonlarini soxta hujjat va sertifikatlar bilan sotayotgan tadbirkor hamda gaz ta’minoti xodimi ushlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 1989-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan gaz ta’minoti xodimi va uning sherigi — 1972-yilda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan sudlangan tadbirkor qo‘lga olingan.

 

Aniqlanishicha, ular o‘zaro jinoiy til biriktirib, xorijda ishlab chiqarilgan, yaroqlilik muddati o‘tgan va foydalanishga yaroqsiz isitish qozonlarini soxta hujjat hamda sertifikatlar asosida sotib kelgan. Gumonlanuvchilar Yangiyo‘l shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida 120 ta isitish moslamasini donasini 380 dollardan, jami 45 ming dollarga sotayotganida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

 

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchilardan birining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Natijada u yerda xorijdan keltirilgan, turli nomlar ostidagi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan yana 500 ta isitish moslamasi noqonuniy saqlanayotgani aniqlanib, hujjatlashtirilgan.

 

Shu tariqa, jami 620 ta foydalanishga yaroqsiz isitish moslamasi aniqlangan. Bunday qozonlardan foydalanish inson hayoti uchun xavf tug‘diradi. Xabarda mamlakatda noqonuniy sotilgan isitish qozonlari sabab 18 kishi halok bo‘lgani, Farg‘onada esa bir hafta ichida ikki oilaning 12 a’zosi is gazidan vafot etgani ham qayd etilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan tadbirkor va gaz ta’minoti xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.