O‘ziga pichoq urish bilan tahdid qildi: Buxoroda fuqaroning hayoti saqlab qolindi
Ichki ishlar xodimlari tomonidan uning qo‘lidagi pichoqni olib qo‘yilib, ko‘ngilsiz hodisaning oldi olingan.

Joriy yilning 9-noyabr kuni soat 15:30 atrofida Buxoro shahrining Gulshan mahallasida xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati inspektorlariga noma’lum shaxs qo‘lida pichoq bilan yurgani haqida xabar kelib tushgan.
Xodimlar zudlik bilan voqea joyiga yetib borganida, qo‘lida o‘tkir tig‘li jism tutgan va tajovuzkor kayfiyatdagi fuqaroga duch kelgan. Inspektorlar unga yaqinlashmoqchi bo‘lganida, erkak hech kimni yaqinlashtirmasligini, aks holda o‘ziga pichoq urishini aytib tahdid qilgan.
Vaziyatning jiddiyligini inobatga olgan xodimlar fuqaroni ehtiyotkorlik bilan odamlar kamroq bo‘lgan joyga olib borishga harakat qilgan. Uning diqqatini chalg‘itib, qo‘l jangi usullaridan foydalangan holda qo‘lidagi pichoqni olib qo‘yishgan. Shundan so‘ng fuqaro profilaktika inspektori xonasiga olib borilgan.
Xodimlarning tezkor va qat’iyatli harakatlari natijasida fuqaroning o‘zi ham, atrofdagilar ham jarohat olmagan. Ko‘ngilsiz hodisaning oldi olingan.
Surishtiruv davomida ushbu shaxs shu mahallada yashovchi, 1971-yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz fuqaro ekani aniqlangan. Hozirda u hududiy ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan bo‘lib, holat yuzasidan tegishli profilaktik va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








