5 kg dan ortiq “opiy” savdosi to‘xtatildi: ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi
Narkotik vositalar ularga Afg‘onistondagi narkokuryerlar tomonidan yetkazib berilgan.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 5 kg 362 gramm “opiy” moddasini sotayotgan ikki nafar fuqaro ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Chegara qo‘shinlari hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida Termiz shahrida yashovchi, 1972 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro jami 5 dona o‘ramdagi, umumiy og‘irligi 5 kg 362 gramm bo‘lgan “opiy” moddasini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, giyohvandlik vositalari ularga qo‘shni Afg‘onistondagi narkokuryerlar tomonidan yetkazib berilgan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilardan biri avval o‘g‘irlik, ikkinchisi esa giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








