Uy qurilishi tugamaguncha pul quruvchiga berilmaydi: eskrou tizimi joriy etilishi mumkin
Ulushli qurilishda fuqarolar mablag‘larini eskrou hisobvaraqlarida saqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatga yuborildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi. Hujjatda ulushdorlarning mablag‘larini himoya qilish, quruvchilarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish va qurilish jarayonining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan normalar belgilangan. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘lari to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berilmaydi. Ular banklarda ochilgan eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi va qurilish belgilangan talablarga muvofiq yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, quruvchilar aholi mablag‘larini jalb qilish uchun qonunda belgilangan talablarga javob berishi, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzishi va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi kerak bo‘ladi.
Ulushli qurilishda ishtirok etish shartnomalari notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart. Shartnomaga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham notarial tasdiqlanadi. Bu bir obyektning takroran sotilishi hamda ulushdorlar bilan norasmiy qo‘shimcha kelishuvlar tuzilishining oldini olishga qaratilgan.
Agar quruvchi qonun talablarini buzgan holda fuqarolardan mablag‘ jalb qilsa, ulushdor to‘lagan pulini qaytarishni va undan foydalanilgan davr uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun loyihasida qurilish muddatlari buzilishi bilan bog‘liq normalar ham takomillashtirilgan. Jumladan, obyektni topshirish muddati buzilganda uni muammoli deb topish uchun qo‘shimcha olti oy kutish talab etilmaydi.
Bundan tashqari, quruvchi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmasdan, faqat tovon puli to‘lash orqali muammoli obyektlar reyestridan chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qurilish ishlari to‘xtab qolishining oldini olish uchun zarur hollarda vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish, shuningdek, qurilishni uzluksiz moliyalashtirish mexanizmlari ham nazarda tutilgan.
Ulushli qurilishga oid ma’lumotlar Yagona axborot tizimiga joylashtiriladi. Fuqarolar ushbu tizim orqali quruvchi, qurilish obyekti va loyihaning amalga oshirilishi haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi talablar qonun kuchga kirganidan keyin qurilishiga ruxsatnoma olingan obyektlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunchilik palatasida ta’kidlanishicha, hujjat fuqarolarning uy-joy qurilishiga kiritgan mablag‘larini himoya qilish, qurilish sohasida shaffoflikni oshirish va mablag‘larni qonunda belgilanmagan usullarda jalb qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan.








