Taqiqlovchi signalga qaramadi: Surxondaryoda Spark poyezd bilan to‘qnashdi
Haydovchisi taqiqlovchi svetofor signaliga qaramay, temir yo‘l kesishmasidan o‘tishga uringan.

2026-yil 9-noyabr kuni soat 02:55 da Surxondaryo viloyatidagi Termiz – G‘alaba temir yo‘l uchastkasida Spark rusumli avtomobil yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida avtomobil haydovchisi tan jarohati olmagan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ma’lum qilishicha, to‘qnashuv Termiz – G‘alaba bekatlari oralig‘ining 5-kilometr, PK-2 qismida joylashgan qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.
G‘alaba – Termiz yo‘nalishida harakatlanayotgan 3601-sonli yo‘lovchi poyezdining beshinchi vagoniga davlat raqami 75 J 911 ZA bo‘lgan oq rangli Spark avtomobili kelib urilgan.
Xabarlarga ko‘ra, YTH haydovchining temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida yuzaga kelgan. U svetoforning taqiqlovchi signaliga va ogohlantiruvchi ovozli signal ishlab turganiga qaramay, kesishmadan o‘tishga uringan.
O‘rganish davomida temir yo‘l kesishmasidagi signal belgilari tegishli yo‘riqnoma talablari asosida o‘rnatilgani, soz holatda ishlayotgani hamda kesishma yoritish tizimi bilan ta’minlangani aniqlangan.
Shuningdek, kesishmaning texnik holati tekshirilganda, barcha tegishli qurilma va jihozlar soz ekani qayd etilgan.








