Andijonda Qirg‘iziston bosh konsulligi ochiladi: uchta viloyatga xizmat ko‘rsatadi
Farmon rasmiy e’lon qilingan kundan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Qirg‘izistonning Andijon shahrida bosh konsulligi ochiladi. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov tegishli farmonni imzoladi. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.
373-sonli farmonga muvofiq, yangi konsullikning faoliyat hududi O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarini qamrab oladi.
Qayd etilishicha, bosh konsullikni ochishdan maqsad Qirg‘iziston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun qulay sharoit yaratish hamda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Shuningdek, qaror ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga ham xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Farmon rasmiy e’lon qilingan kundan 10 kun o‘tgach, ya’ni 20-noyabrdan kuchga kiradi.








