Qalin tuman katta fojia keltirdi: 12 kishi halok bo‘ldi
Ko‘rish masofasi ayrim joylarda atigi 10 metrgacha qisqarishi oqibatida Bolgariyada yirik yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.

Bolgariyaning sharqiy qismida joylashgan «Trakiya» avtomagistralida quyuq tuman tufayli yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ikkita alohida to‘qnashuv oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 46 kishi jarohatlandi.
Associated Press agentligining Bolgariya rasmiylari ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, hodisa-10-noyabr kuni ertalab, Sofiya va Qora dengiz sohilidagi Burgas shahrini bog‘lovchi avtomagistralning Yambol viloyati hududidan o‘tuvchi qismida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita yirik to‘qnashuvda jami 86 ta transport vositasi, jumladan, yuk mashinalari ishtirok etgan. Ularning 63 tasi Burgas yo‘nalishida, 23 tasi esa Sofiya tomon harakatlanayotgan yo‘lakda bo‘lgan.
Bolgariya sog‘liqni saqlash vaziri Katya Ivkova ma’lum qilishicha, 10 kishi hodisa joyida, yana ikki kishi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan. Jarohatlangan 46 kishi tibbiy muassasalarga yetkazilgan.
Bolgariya Ichki ishlar vazirligi vakillarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga to‘satdan kuchaygan quyuq tuman, yo‘lning namligi va ob-havo sharoitiga mos bo‘lmagan tezlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Guvohlarning aytishicha, ko‘rish masofasi dastlab 70–80 metr bo‘lgan, keyin esa keskin qisqarib, 10 metrgacha tushgan.
Dastlabki to‘qnashuv Burgas yo‘nalishida sodir bo‘lgan. Unda yuk mashinasi avtobus harakatiga to‘sqinlik qilgan, ortidan boshqa yuk mashinasi va yengil avtomobil ham to‘qnashuvga uchragan. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi ikkinchi YTHga esa haydovchilarning birinchi hodisaga chalg‘ishi ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Hodisa sabab avtomagistralning har ikki yo‘nalishida harakat vaqtincha to‘xtatilgan. Qutqaruv ishlariga yuzlab politsiya xodimlari, o‘t o‘chirish xizmatlari va tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Hodisa yuzasidan ikkita jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari boshlangan.








