Hormuz bo‘g‘ozidagi portlashlar neft narxiga ta’sir qildi: Brent 92 dollardan oshdi
Kemalarga hujumlar davom etayotgani ortidan jahon bozorida neft narxi yana ko‘tarildi.

11-noyabr kuni jahon bozorida neft narxi ko‘tarildi. Brent markali neft fyucherslari 0,6 foizga qimmatlab, bir barreli 92,01 dollarga yetdi. WTI markali neft narxi esa 0,2 foizga oshib, 86,20 dollarni tashkil etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Neft narxining ko‘tarilishi bir kun avval uning so‘nggi ikki oylik eng past darajaga tushganidan keyin kuzatildi.
Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumlar davom etmoqda. Oktyabr oyida 37 ta hujum qayd etilgan. Bu Yaqin Sharqdagi urush boshlanganidan beri bir oy ichida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
10-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) Ummonning Lima shahri shimoli-sharqida tankerlardan biriga hujum qilingani haqida xabar berdi. Shu kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy-dengiz kuchlari ikki tanker dengiz minalarida portlashi oqibatida yonib ketganini ma’lum qildi. Idora tankerlar bo‘g‘ozdan ruxsat etilmagan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanganini bildirgan.
Sparta Commodities kompaniyasi katta tahlilchisi Jun Gonning ta’kidlashicha, AQSHdagi oraliq saylovlar yakunlangani va Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish hajmi ortayotgani sababli bozorda narxlar pasayishi kutilmalari kuchaymoqda. Uning fikricha, neft narxiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri Eronning diplomatik kelishuvga erishish uchun AQSH talablariga yon berishga tayyorligidir.
LSEG Oil Research tahlilchilariga ko‘ra, hatto tomonlar kelishuvga erishgan taqdirda ham, Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish hajmining tiklanishi minalarni zararsizlantirish, sug‘urta xarajatlari va kema egalarining xavfni o‘z zimmasiga olishga tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 10-noyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning Eronga yangi zarbalar berishi ehtimoli juda past ekanini bildirganidan so‘ng, neft narxi avgust oyidan beri ilk bor bir barrel uchun 90 dollardan pastga tushgan edi.








