Rossiyada ayiq hujumlari: bahordan buyon qurbonlar soni 35 nafarga yetdi
Kamchatkada sayyohlik bazasi qorovuli ayiq hujumi oqibatida halok bo‘ldi.

Rossiyada bahordan buyon ayiqlar hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 35 nafarga yetdi. So‘nggi qurbon Kamchatka o‘lkasidagi sayyohlik bazasi qorovuli bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7-noyabr kuni Salmonica Travel sayyohlik bazasida ishlagan qorovul aloqaga chiqmay qo‘ygan. Keyinchalik huquq-tartibot idoralari uning Sobolevskiy okrugida ayiq hujumi oqibatida halok bo‘lganini tasdiqlagan.
RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, ayiqlar hujumi oqibatida Irkutsk viloyatida sakkiz, Krasnoyarsk o‘lkasida to‘qqiz, Tomsk viloyatida besh, Kamchatkada uch, Buryatiyada ikki kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, Arxangelsk, Vologda va Kirov viloyatlari, Xabarovsk o‘lkasi, Tuva va Oltoy respublikalari hamda Yamalo-Nenets avtonom okrugida bir nafardan kishi ayiqlar hujumi qurboniga aylangan.








