Jahon

Rossiya Ukrainadagi 10 ta viloyatga hujum qildi: energetika obyektlari shikastlandi

Zarba oqibatida bir nechta viloyatda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi, Vinnitsa viloyatida esa ikki kishi halok bo‘ldi.

Rossiya Ukrainadagi 10 ta viloyatga hujum qildi: energetika obyektlari shikastlandi

Rossiya armiyasi 10-noyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda bir nechta viloyatdagi energetika obyektlari shikastlandi, Vinnitsa viloyatida ikki kishi halok bo‘ldi.

 

Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, hujum davomida Rossiya bir dona «Iskander-M» ballistik raketasi va 162 ta zarbdor drondan foydalangan. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 135 ta dronni urib tushirgan yoki zararsizlantirgan. Dronlarning 19 ta hududda nishonga teggani, yana to‘qqizta hududda urib tushirilgan apparatlar qoldiqlari qulagani qayd etilgan.

 

«Ukrenergo» xabariga ko‘ra, Kiyev, Xarkiv, Sumi, Poltava, Dnipropetrovsk, Vinnitsa, Cherkasi va Kirovograd viloyatlaridagi energetika obyektlari hujumga uchragan. Natijada Dnipropetrovsk, Donetsk, Kiyev, Sumi, Xarkiv va Chernigov viloyatlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

 

Ukraina bosh vaziri Sergey Koretskiy hujumlar jami 10 ta viloyatga qaratilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Poltava, Dnipropetrovsk, Vinnitsa va Kirovograd viloyatlaridagi beshta yirik energetika podstansiyasi ham zarbaga uchragan.

 

Vinnitsa viloyatining Ladyjin shahrida fuqarolik korxonasiga berilgan zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Natalya Zabolotnaya korxona binosi vayron bo‘lgani, energetika infratuzilmasi obyektlari ham shikastlanganini ma’lum qilgan.

 

Kiyev viloyatida esa alohida ijtimoiy yordam va parvarishga muhtoj fuqarolar yashaydigan binoga zarar yetgan. Hujum oqibatida ikki kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Binoning bir qismi vayron bo‘lgan.

 

Bundan tashqari, Sumi shahrida Rossiya droni shahar atrofiga qatnovchi elektr poyezdiga hujum qilgan. «Ukrzaliznytsia» temiryo‘l kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, zarba vaqtida poyezd bekat platformasida turgan, poyezd brigadasi esa boshpanada bo‘lgan. Hodisada yo‘lovchilar va temiryo‘l xodimlari jabrlanmagan.