Rossiyada migrant oilalariga yangi talab: ishlamaydigan oila a'zolari uchun soliq joriy etiladi
Ushbu chora migrantlarning ishlamaydigan yaqinlari Rossiyada qolishini cheklashga qaratilgan.

Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan chet el fuqarolari 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda yashayotgan, biroq ishlamaydigan oila a’zolari uchun ham soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Ushbu chora migrantlarning ishlamaydigan oila a’zolari Rossiyada qolishini cheklashga qaratilgan.
Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish va fuqarolik masalalari bo‘yicha xizmat rahbari Andrey Kikot ma’lum qildi.
Kikotning aytishicha, migrantlar farzandlarini maktablarga qabul qilish uchun belgilangan yangi talablar natijasida ishlamaydigan oila a’zolari soni 20 foizga kamaygan. Avval bu ko‘rsatkich 1,7 million kishini tashkil etgan.
Shuningdek, Rossiya xorijiy ishchilarni uyushgan tarzda jalb etishni rejalashtirmoqda. Tegishli qonun loyihasi hozirda hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, ish beruvchi migratsiya xizmatiga xorijiy ishchi kuchiga ehtiyoj borligi haqida buyurtma beradi. Maxsus operator esa ishchilarni tanlab, Rossiyaga olib keladi. Mehnat shartnomasi muddati tugagach, migrant o‘z vataniga qaytishi kerak bo‘ladi.
Bunda yirik va o‘rta biznes vakillari jalb etilgan ishchilarni turar joy hamda ish joyiga borish uchun transport bilan ta’minlashi shart bo‘ladi.








