Turkiyadagi po‘lat zavodida portlash: 16 kishi halok bo'ldi
Hodisa yuzasidan tergov boshlanib, 5 kishi hibsga olingan.

Turkiyaning Izmir viloyati Aliaga tumanidagi po‘lat zavodida yuz bergan portlash oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi. Yana 13 kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin ma’lum qilgan.
Portlash 9-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30 atrofida Chakmakli mahallasidagi Otaturk ko‘chasida joylashgan zavodda sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda holat korxona sexlaridan biridagi elektr yoyli pech bilan bog‘liq jarayon vaqtida erigan metall to‘kilishi ortidan yuzaga kelgan. Oqibatda bino deyarli butunlay vayron bo‘lgan, hodisa joyidan bir necha kilometr uzoqlikdan ham ko‘rinadigan quyuq tutun ko‘tarilgan.
Erdo‘g‘anning aytishicha, Energetika va tabiiy resurslar, shuningdek, Mehnat va ijtimoiy himoya vazirlari voqeadan so‘ng zudlik bilan Izmirga yetib borgan.
Turkiya prezidenti hodisa yuzasidan tergov olib borilayotganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, fojianing sabablari, yuzaga kelish sharoitlari va aybdorlar aniqlanadi.
Xabarlarga ko‘ra, tergov doirasida politsiya besh kishini hibsga olgan. Shuningdek, ayrim odamlar vayronalar ostida qolib ketgani haqida xabar berilgan.








