G‘azoda Isroil hujumlari davom etmoqda: olti falastinlik halok bo‘ldi
O‘tgan yili e’lon qilingan sulhdan buyon Isroil hujumlari oqibatida 1600 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

Mahalliy tibbiyot manbalariga ko‘ra, Isroil kuchlari G‘azo sektorida kamida olti nafar falastinlikni, jumladan, bir ota va uning 13 yoshli o‘g‘lini o‘ldirgan. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Seshanba kuni G‘azo shahrining Daraj mavzesida joylashgan G‘ubayn oilasining uyiga Isroil tomonidan berilgan havo zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Shaharning Zaytun mahallasidagi chodirga uyushtirilgan alohida havo hujumi natijasida ota va uning o‘g‘li halok bo‘lgan. G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunis shahrida esa bir erkak Isroil harbiylarining o‘q uzishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Bu qurbonlar soni mavsumning dastlabki kuchli bo‘roni ortidan yuz bergan talafotlar fonida qayd etilmoqda. Dam olish kunlari G‘azoda 12 soat ichida qariyb 70 mingta chodirni suv bosgan. G‘azo hukumati Media ofisi ma’lumotiga ko‘ra, kamida besh kishi halok bo‘lgan, yetkazilgan zarar taxminan 3 million dollarga baholangan.
Isroil G‘azoga 60 mingta ko‘chma uy va 200 mingta chodir olib kirilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Hududga faqat 20 mingta chodir kiritilishiga ruxsat berilgan. Urush oqibatida G‘azodagi uy-joylarning qariyb 85 foizi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Shuningdek, Isroil hududga o‘ta zarur gumanitar yordam yetkazilishini ham cheklamoqda.
Ayni paytda muzokaralarda HAMASning qurolsizlanishi va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan olib chiqilishi shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilmagan. Isroil hozirda hududning qariyb uchdan ikki qismini nazorat qilmoqda va u yerdagi falastinlik aholiga o‘z yashash joylarini tark etish buyurilgan.
O‘tgan yili «o‘t ochishni to‘xtatish» kelishuvi tuzilganiga qaramay, G‘azo Isroilning muntazam hujumlariga uchramoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH vositachiligida tuzilgan sulh kelishuvidan buyon Isroilning hujumlari oqibatida qamal ostidagi hududda 1600 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Vazirlik ma’lum qilishicha, 2023-yil 7-oktyabrdan buyon Isroilning G‘azoga qarshi olib borayotgan urushi oqibatida 74 ming nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan.








