“Rossiya Abu-Dabidagi muzokaralarda egallagan hududlari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berdi” — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Rossiya delegatsiyasi Donbassning Kiyev nazoratida qolayotgan hududlarini ham bosib olingan deb da’vo qilganini aytdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya delegatsiyasi Abu-Dabidagi muzokaralarda egallangan hududlar maydonini bo‘rttirib ko‘rsatganini bildirdi. Uning aytishicha, Rossiya vakillari Donbassning Ukraina nazoratida qolayotgan qismini ham bosib olingan deb ta’kidlagan. Zelenskiy bu haqda Daniyada jurnalistlar savollariga javob berar ekan ma’lum qildi.
“Rossiyaliklar Donbassning aslida hamon bizning nazoratimizda bo‘lgan yarmini allaqachon egallaganini aytishdi. Bu haqda harbiy ofitserlar va Rossiya razvedkasi vakillari jiddiy gapirishdi”, — dedi Ukraina prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi bunga javoban mazkur hududlar Rossiya tomonidan egallanmaganini tasdiqlovchi videoyozuvlar, fotosuratlar va boshqa dalillarni taqdim etish imkoniyati borligini bildirgan.
Zelenskiy bu holat Rossiya prezidenti Vladimir Putin “boshqa voqelikda yashayotgani”ni ko‘rsatishini ta’kidladi. Uning fikricha, Putin AQSH vakillariga Ukrainaning sharqiy qismini to‘liq egallash uchun yana bir-ikki oy kerakligini aytishi mumkin.
Ikki kun davom etgan Abu-Dabi muzokaralari yakunida AQSH prezidentining maxsus vakili Jared Kushner Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muloqotda hududiy masala eng murakkab mavzu bo‘lganini aytdi.
“RBK-Ukraina” nashrining yozishicha, Rossiya delegatsiyasi muzokaralarda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ham o‘z talablarini ilgari surgan. Ular orasida NATOning keyingi kengayishidan voz kechish, 1997-yildan keyin alyansga qo‘shilgan mamlakatlarda ittifoqchi davlatlar harbiy ishtirokini qisqartirish hamda NATOga a’zo bo‘lmagan postsovet davlatlari, jumladan, Ukraina bilan harbiy hamkorlikni cheklash talablari bor.








