Tojikistonning milliy xavfsizligiga oid hujjatlar o‘g‘irlandi: xakerlar sun’iy intellektdan foydalangan
Tekshiruv davomida O‘zbekistonning O‘rmon xo‘jaligida qo‘llaniladigan Smart Forestry raqamli platformasiga kirish izlari ham aniqlangan.

Xakerlar guruhi Tojikistonning davlat elektron hujjat aylanishi tizimiga kirib, 2 mingdan ortiq hujjatni o‘g‘irlagan. Ular orasida mudofaa va milliy xavfsizlikka oid materiallar ham bor. Bu haqda Reuters Singapurning CloudSEK kiberxavfsizlik kompaniyasi tadqiqotiga tayanib xabar berdi.
Mutaxassislar xakerlar o‘z serverlaridan birini xatolik tufayli internetda ochiq qoldirganidan so‘ng kiberhujum izlarini aniqlagan. Tadqiqotchilar serverdagi materiallarni o‘rganib, hujumlar qanday amalga oshirilganini tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xakerlar Hermes platformasidan foydalangan. U mustaqil ravishda harakatlarni rejalashtirish, kerakli dasturlarni ishga tushirish, ma’lumotlarni to‘plash va hisobotlar tayyorlashga qodir avtonom sun’iy intellekt agentlarini yaratish imkonini beradi.
CloudSEK ma’lumotlariga ko‘ra, Hermes platformasidan kiberhujumlarda foydalanish taxminan 2026-yil avgust oyi o‘rtalarida boshlangan. Bir necha hafta o‘tib, xakerlar Tojikistonning davlat elektron hujjat aylanishi tizimiga kirgan. Sun’iy intellekt agenti hujjatlarni yuklab olish, tizimlashtirish va kichik qismlarga ajratish uchun maxsus dastur yaratgan. Bu o‘g‘irlangan ma’lumotlarni uzatishni osonlashtirgan. Natijada 2 mingdan ortiq hujjat qo‘lga kiritilgan.
Tekshiruv davomida Tojikiston temir yo‘llarining kompyuter infratuzilmasi hamda O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligida foydalaniladigan Smart Forestry raqamli platformasiga kirish izlari ham aniqlangan.
Bundan tashqari, xakerlar serverida Turkmaniston davlat tashkilotlariga qarshi fishing hujumlarini uyushtirish uchun tayyorlangan materiallar topilgan. Biroq mutaxassislar ushbu hujumlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganini tasdiqlovchi dalillarni aniqlamagan.
Tadqiqotchilar kiberhujumlarni avvalroq postsovet davlatlari idoralariga qarshi kiberjosuslik amaliyotlarida ko‘zga tashlangan Silent Lynx guruhi bilan bog‘lamoqda. Guruhning Qozog‘istonga aloqadorligi haqidagi taxminlar bir nechta bilvosita belgiga asoslangan. Xususan, xakerlar rus tilidan foydalangan, ularning faollik vaqti Qozog‘istondagi ish soatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, serverga ulanishda ushbu mamlakat internet tarmog‘idan ham foydalanilgan.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar guruhga aynan kim rahbarlik qilishini aniqlay olmagan. Kiberhujumlarga Qozog‘iston davlat tuzilmalarining aloqadorligi haqida ham hech qanday dalil keltirilmagan.








