5 yoshli qizning zo'rlanishi: ish sudga oshirildi
Jabrlanuvchi voyaga yetmaganligi sababli sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborildi.
Namangan viloyati sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 52 yoshli M.K. va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan.
Sud ajrimiga asosan, ish 18-noyabr kuni ko‘rib chiqish uchun tayinlangan. Jabrlanuvchi voyaga yetmaganligi sababli sud muhokamasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida belgilangan tartibda yopiq majlisda o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan 12-sentyabr kuni Uchqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi K.M. shu kunning o‘zida protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bolalar ombudsmani avvalroq holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Sud jarayoni yakunlanganidan so‘ng ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etiladi.








