Avtobuslarda chiptasiz yurish holatlari: qoidabuzarlarning 92,4 foizi 30 yoshgacha bo‘lganlar
Yanvar–oktabr oylarida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan 138 780 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

2026-yilning yanvar–oktabr oylarida Toshkent shahri avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan 138 780 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Yosh toifalari bo‘yicha tahlilga ko‘ra, qoidabuzarlarning 97 747 nafari yoki 70,4 foizi 18–30 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yana 30 533 nafar yoki 22 foiz yo‘lovchi 16–17 yoshdagilar bo‘lgan.
Shu tariqa, chiptasiz yurganlarga nisbatan rasmiylashtirilgan jami ma’muriy bayonnomalarning 92,4 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri kelgan.
Jinslar kesimida esa qoidabuzarliklarning 105 272 tasi yoki 75,9 foizi erkaklar, 33 508 tasi yoki 24,1 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Transport vazirligi yo‘l haqini to‘lamaslik nafaqat belgilangan tartibni buzishi, balki jamoat transporti tizimining moliyaviy barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Chunki avtobuslarning o‘z vaqtida harakatlanishi, texnik holatini saqlash, haydovchilar mehnati va xizmat sifatini ta’minlash moliyaviy mablag‘larga bog‘liq.








