50 ming dollar talab qilingan tovlamachilik ishi: “Demokrat.uz” rahbari 10,3 yilga qamaldi
U bilan birga tovlamachilik qilgan bloger Aziz G‘oipnazarov ham sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi.

“Demokrat.uz” internet nashri rahbari Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz G‘oipnazarovga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
11-noyabr kuni chiqarilgan hukmga ko‘ra, Fazliddinxon Mehmonov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 168-moddasi (firibgarlik) va 248-moddasida (o‘qotar qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar muomalasi qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Aziz G‘oipnazarov esa Jinoyat kodeksining 165-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Sud hukmi bilan Fazliddinxon Mehmonovga 10 yil 3 oy, Aziz G‘oipnazarovga esa 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydi.
Shuningdek, Fazliddinxon Mehmonovdan jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan 2026-yil fevral oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Aziz G‘oipnazarov Sergeli tumanidagi avtosalonlardan birining faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, internetda joylashtirgan.
Shundan so‘ng Fazliddinxon Mehmonov ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish hamda “Demokrat.uz” tomonidan tayyorlangan, tadbirkor obro‘siga putur yetkazuvchi boshqa videolavhani OAVda e’lon qilmaslik evaziga jabrlanuvchidan tovlamachilik yo‘li bilan jami 50 ming dollar talab qilgan.








