Markaziy Osiyoda birinchi: Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingidan o'rin oldi
O'zbekiston rahbari reytingda 40-o‘rinni egalladi va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yuqori natija bo‘ldi.

Qirollik Islom strategik tadqiqotlar markazi (RISSC) 2027-yil uchun dunyoning eng nufuzli 500 nafar musulmoni ro‘yxatini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 40-o‘rindan joy oldi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Reytingni tuzuvchilar “Yangi O‘zbekiston” islohotlariga, xususan, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, xorijiy investitsiyalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xalqaro savdoni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasidagi ishlarga e’tibor qaratgan.
Shuningdek, mamlakatda majburiy mehnatdan voz kechish, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar ham e’tirof etilgan. Hisobotda Mirziyoyevning ochiqlikka asoslangan tashqi siyosati O‘zbekistonning xalqaro maydondagi diplomatik va iqtisodiy hamkor sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilgani qayd etilgan.
Prezidentning islom merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasidagi faoliyati ham alohida ta’kidlangan. Xususan, masjidlarni qurish va ta’mirlash, haj va umra ziyoratlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, tarixiy qadamjolar va maqbaralarni obod etish ishlari qayd etilgan.
Hisobotda Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati, tarixiy madrasalarni restavratsiya qilish hamda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi ham e’tirof etilgan.
Reytingning Top-50 taligiga kirgan shaxslar aniq o‘rinlar bilan ko‘rsatilgan. Qolgan ishtirokchilar esa faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha toifalarga ajratilgan.
Tojikiston muftiysi Saidmuqarram Abdulqodirzoda “Diniy ishlar ma’muriyati” toifasidan joy olgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev “Siyosat”, xonanda Dimash Qudaybergen esa “San’at va madaniyat” yo‘nalishida ro‘yxatga kiritilgan.
Afg‘oniston vakillaridan “Tolibon” harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda 43-o‘rinni egallagan. Shuningdek, mamlakatdan bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar, huquq himoyachilari Malala Joya va Sima Samar, yozuvchi Xolid Husayniy hamda qo‘shiqchi Aryana Said ham reytingga kiritilgan. Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari ro‘yxatdan joy olmagan.
Reytingda ilk bor besh kishi birinchi o‘rinni egalladi
2027-yilgi reytingning yana bir yangiligi — birinchi o‘ringa birdaniga besh nafar shaxs kiritilganidir. Bunga 2026-yil 7-avgust kuni Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston yetakchilari o‘rtasida imzolangan “Makka pakti” sabab bo‘lgan.
Birinchi o‘rinni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Pokiston Qurolli kuchlari mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni Asim Munir hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on egallagan.
Top-50 talikdan, shuningdek, Nyu-York meri Zohran Mamdani, Eron oliy rahnamosi Mojtabo Xomanaiy, Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shara’a, Falastin prezidenti Mahmud Abbos, Misr va Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilari ham o‘rin olgan.








