Madaniyat sohasi vakillariga uy-joy uchun subsidiya: nizom tasdiqlandi
Buning uchun talabgorlar kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi va boshqa mezonlarga javob berishi kerak.

O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi. Bunda subsidiya birlamchi uy-joy bozoridan kvartira xarid qilish uchun beriladi. Hukumat qarori bilan “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, subsidiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida ajratiladi. Mablag‘lar ariza beruvchining asosiy ish joyi joylashgan hududda qurilgan kvartirani sotib olishga yo‘naltiriladi.
Subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza topshirish mumkin.
Ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining birgalikdagi daromadlari, so‘nggi ikki yil davomida respublikaning barcha hududlarida ularning nomida turar joy mavjud bo‘lmagani hamda soha bo‘yicha ish staji axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi.
Shuningdek, talabgorning madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi talab etiladi. Faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talab qilinadigan hollarda uning so‘nggi uch yil ichida litsenziyaga ega bo‘lgani ham tekshiriladi. Subsidiya bir oilaga faqat bir marta ajratiladi.
Subsidiya olish haqida xabarnoma olgan talabgor birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun qurilish tashkiloti yoki devеloper bilan shartnoma tuzadi.
Agar boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun ajratilgan subsidiyadan u o‘tkazilgan kundan boshlab 30 kun ichida foydalanilmasa, bank mablag‘ni O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytaradi.








