Jizzaxda soliq qarzi sabab ikkita BYD xatlandi
Qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda, mashinalar auksionda sotiladi.

Majburiy ijro byurosining Paxtakor tuman bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo‘yicha soliq qarzdorligini undirish yuzasidan tegishli ijro harakatlari amalga oshirildi. Xususan, soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan ikkita fermer xo‘jaligiga nisbatan majburiy undiruv choralari ko‘rildi.
Ijro harakatlari davomida qarzdor fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan ikkita BYD Song Plus Champion rusumli krossover aniqlanib, belgilangan tartibda xatlovga olindi.
Mazkur choralar mavjud soliq qarzdorligini qoplash hamda ijro hujjatlari talablarining bajarilishini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi. Qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda, xatlangan avtotransport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda baholanib, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi mumkin.







