Zangiotada elektrdan qarzdorlik sabab mashinalar xatlandi
Maʼlum bo‘lishicha, fuqaroning tokdan 3 mlrd so‘mdan ziyod qarzi mavjud bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor A.T.dan undiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent hududiy filiali foydasiga 3.140.139.240 so‘m jinoyat natijasida yetkazilgan zarar undirish belgilangan.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor A.T.ga tegishli bo‘lgan “DAMAS-2” va “GAZ 27527” rusumli avtotransport vositalari xatlanib, vaqtincha saqlashlik uchun jarima maydonchasiga qo‘yilib, ijro hujjatining ijrosini taʼminlash maqsadida “E-AUKSION” savdo tizimiga sotishlik uchun qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qarzdor A.T.ga tegishli bo‘lgan Toshkent tuman, Ko‘ksaroy MFY hudduida joylashgan bino va inshootlari qarzdorlik yuzasidan xatlanib, “E-AUKSION” savdo tizimiga sotish uchun qo‘yilgan.
Shuningdek, qarzdor A.T.ga tegishli bo‘lgan Isitish qozoni xatlanib, savdo do‘koniga sotish uchun topshirilgan.
Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor A.Sh. dan undiruvchi “Energosavdo” Bo‘stonliq tuman bo‘limi foydasiga 122.517.360 so‘m zarar undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjatining ijrosini taʼminlash maqsadida, olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor A.Sharipovga tegishli bo‘lgan “LACETTI-2” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, vaqtincha saqlashlik uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Shuningdek, davlat ijrochisi tomonidan xatlangan avtotransport vositasini “E-AUKSION” savdo tizimiga qo‘yish choralari olib borilmoqda.







