Ish joyida shahvoniy shilqimlikka qarshi yangi talab: ish beruvchilar mas’ul bo‘ladi
O‘zbekistonda shahvoniy shilqimlik tushunchasiga qonuniy ta’rif berildi va ish beruvchilarning bu boradagi majburiyatlari belgilandi.

O‘zbekistonda mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslik qonun bilan mustahkamlandi. Endilikda ish beruvchilar mehnat jamoasida bunday holatlardan xoli muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
2026-yil 13-noyabrda qabul qilingan O‘RQ–1189-sonli qonun bilan Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi normalarga muvofiq, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunda ushbu tushunchaga ham aniq ta’rif berilgan.
Unga ko‘ra, shahvoniy shilqimlik — shaxs uchun nomaqbul bo‘lgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan hamda shahvoniy xususiyatga ega harakatlardir.
Bunday harakatlarga quyidagilar kiradi:
-
Shaxsning tashqi ko‘rinishi yoki qaddi-qomati haqida shahvoniy mazmundagi nomaqbul izohlar berish;
-
Shahvoniy xususiyatga ega imo-ishoralar qilish;
-
Shaxsga nomaqbul tarzda jismoniy teginish;
-
Shahvoniy mazmundagi chaqiriq va murojaatlar qilish.
Shuningdek, qonun bilan ish beruvchilarning mas’uliyati ham belgilandi. Xususan, ular mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlikdan xoli muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
Mazkur talab xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, mehnat munosabatlarida xavfsiz hamda o‘zaro hurmatga asoslangan muhitni ta’minlashga qaratilgan.
Qonun 2026-yil 13-noyabrdan kuchga kirgan.








