Sovuq kunlarda gaz taqsimoti o‘zgaradi: kimlarga birinchi navbatda gaz yetkaziladi?
Kuz-qish mavsumida gaz resurslari mavjud hajm va ob-havo sharoitidan kelib chiqib taqsimlanadi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va strategik ahamiyatga ega iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
2026-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 31-martga qadar amal qiladigan qarorga muvofiq, mavjud tabiiy gaz resurslarini oqilona taqsimlashda aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan barqaror ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bu borada Energetika vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda gaz ta’minoti tashkilotlarining vazifalari belgilab berildi.
Xususan, Energetika vazirligi “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda mavjud gaz resurslari hamda ob-havo sharoitidan kelib chiqib, tabiiy gaz yetkazib berishning o‘n kunlik va kunlik jadvallarini ishlab chiqadi. Ushbu jadvallar har oyning 25-sanasiga qadar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi yoki gaz resurslari hajmida kutilmagan o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda, gaz taqsimotini tezkor qayta ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi. Bunda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvorligi saqlab qolinadi.
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasi har oyning oxirgi kuniga qadar keyingi oy uchun hududlar va yirik ulgurji iste’molchilar kesimida tabiiy gaz yetkazib berish jadvallarini tasdiqlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Hududgazta’minot” AJning hududiy filiallari bilan birgalikda tasdiqlangan jadvallar asosida tuman va shaharlar kesimida gaz taqsimotini tashkil etadi. Bunda ham aholi va ijtimoiy soha obyektlari ta’minotiga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi.
Havo harorati keskin pasaygan davrda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida boshqa toifadagi iste’molchilarga belgilangan tartibda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.








