Paxta xirmoni 5 mln tonnadan oshdi, ammo terim davom etmoqda — vazirlik
Qishloq xo‘jaligi vazirligi dalalarda hali paxta borligi ushbu natijani shubha ostiga qo‘ymasligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda paxta tayyorlash hajmi 5 million tonnadan oshganiga qaramay, hosilni yig‘ish va qabul qilish davom etmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Elektron “Agrotarozi” platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 13-noyabr holatiga mavsum boshidan buyon 5 mln 47 ming 95 tonna paxta tayyorlangan. Bu 4,5 mln tonnalik shartnomaviy hajmning 112,2 foizini tashkil etadi. Faqat 13-noyabr kuni yana 2 ming 899 tonna paxta qabul qilingan.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda ayrim dalalarda hali paxta borligi aks etgan videolar tarqalib, besh million tonnalik natijaga shubha bildirilayotganiga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mamlakat bo‘yicha belgilangan marraga yetish barcha dalalarda terim yakunlanganini anglatmaydi. Dalada hali paxta borligi avval qabul qilingan hosil hisobga olinmaganini ham anglatmaydi.
Misol tariqasida Buxoro viloyati keltirilgan. Hududda mavsum boshidan 530 ming 677 tonna paxta yig‘ilgan. Bu belgilangan 442 ming tonnalik marradan 88 ming 677 tonnaga ko‘p. 13-noyabr kuni viloyatda yana 1 ming 228 tonna paxta qabul qilingan.
Vazirlik G‘ijduvon tumanidagi dalalardan biri aks etgan videoga ham izoh berdi. Unga ko‘ra, fermer bu yil aksariyat maydonlarda qo‘llanilgan g‘o‘zani qaritib, erta pishirish agrotexnologiyasiga amal qilmagan yoki g‘o‘zani kech ekkan bo‘lishi mumkin. Videoda ko‘saklar ochilgan bo‘lsa-da, g‘o‘zaning barglari hali to‘kilmagani ko‘rinadi.
Paxta hisobi haqqoniyligiga oid shubhalarga javoban vazirlik hosil elektron tarozilarda tortilishi va “Agrotarozi”, “Hosil qabuli” hamda “AgroDocs” tizimlari orqali hisobga olinishini bildirdi. Har bir yuk bo‘yicha PK-17 yuk xati paxtani topshiruvchi va qabul qiluvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Vazirlikning tushuntirishicha, bir tirkamaning taroziga bir necha marta kirgani aks etgan video ayni yuk hisobga bir necha bor qo‘shilganini isbotlamaydi. Qabul punktiga yaqin dalalardan hosil tashilganda transport vositalarining qayta-qayta qatnashi tabiiy holat bo‘lib, har bir yuk alohida tortiladi. Shu bilan birga, qoidabuzarlik yuzasidan shubha tug‘ilsa, u belgilangan tartibda tekshirilishi kerak.
Fermerlarga to‘lovlar kechikayotgani haqidagi murojaatlarga ham izoh berilgan. Vazirlik hosil hajmi va to‘lov intizomi alohida masalalar ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari tabrigida tilga olingan 13–14 trillion so‘m sof foyda kutilayotgan iqtisodiy natija bo‘lib, bu mablag‘ barcha fermerlarga allaqachon to‘lab bo‘linganini anglatmaydi.
Avvalroq 2026-yilda O‘zbekistonda ilk bor 5 million tonnadan ziyod paxta xomashyosi yetishtirilib, tarixiy natijaga erishilgani xabar qilingan edi.








