O‘zbekiston ilk bor American Film Market’da: ikki mashhur ko‘rsatuv mamlakatimizda suratga olinadi
Shuningdek, AQSH va Kanada telekompaniyalari Tashkent Content Market’ga taklif qilindi.

10–15-noyabr kunlari Los-Anjeles shahrida dunyodagi yirik kino savdo maydonlaridan biri — American Film Market (AFM 2026) bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston ilk bor milliy stend bilan qatnashib, xalqaro kino loyihalari va hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi.
O‘zbekiston milliy stendi Kontent markazi tomonidan Turizm qo‘mitasi ko‘magida hamda Next Field International hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir doirasida CBS telekanalining “The Amazing Race” va Discovery telekanalining “Expedition Unknown” mashhur ko‘rsatuvlarini 2027-yilda O‘zbekistonda suratga olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, AQSHning Cactus Tree Entertainment kompaniyasi bilan O‘zbekistonning beshta kino va televizion mahsulotini Amerika bozoriga olib chiqish yuzasidan kelishuv tuzildi. Tegishli shartnomalarni 2027-yil 4–5-fevral kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Tashkent Content Market doirasida imzolash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, AQSH va Kanadadagi telekompaniyalar hamda distribyutorlar Tashkent Content Market tadbiriga taklif etildi.
American Film Market xalqaro kino savdosi, distribyutsiya va qo‘shma loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladigan yirik maydonlardan biri hisoblanadi.








