Qalbaki guvohnoma bilan tadbirkorni chuv tushirdi: soxta “TumanGaz” xodimi ushlandi
U tadbirkordan jarimani qo‘llamaslik evaziga pul talab qilgan.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘zini gaz ta’minoti tashkiloti xodimi deb tanishtirib, tadbirkordan pul olgan shaxs qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro Sh. R. “C.S.” MCHJ rahbari I.K .ga qalbaki xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, o‘zini “YunusobodtumanGaz” xodimi sifatida tanishtirgan. U korxonaga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida aniqlangan qonunbuzilish holati uchun 5,2 million so‘m jarima qo‘llamaslik evaziga 3,3 million so‘m talab qilgan.
Fuqaro ushbu pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








