Samarqandda tungi YTH: 8-sinf o‘quvchisi shifoxonada vafot etdi
Avtomobilda bo‘lgan yana to‘rt nafar o‘quvchiga uyiga ketishga ruxsat berilgan.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 8-sinf o‘quvchisi halok bo‘ldi. Hodisa vaqtida avtomobil salonida besh nafar maktab o‘quvchisi bo‘lgan.
Viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, YTH 13-noyabr kuni taxminan soat 01:00–01:30 oralig‘ida Toyloq tumanidagi “Baxshitepa” mahallasi hududidagi ichki ko‘chalardan birida sodir bo‘lgan.
Avtomobilda 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinfida tahsil oluvchi besh nafar o‘quvchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida ulardan biri — Z. A. olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan.
Qolgan to‘rt nafar o‘quvchining ahvoli yaxshi ekani sababli shifoxonadan uyiga javob berilgan.
Hozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda Nexia-3 rusumli avtomobil daraxtga urilishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.








