Ikki davlatda ishlaganlar uchun pensiya staji qo‘shiladi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston kelishdi
Kelishuvga ko‘ra, bir mamlakatda to‘plangan ish staji pensiya olish uchun yetarli bo‘lmasa, boshqa davlatda ishlagan davri ham hisobga olinadi.

Qirg‘iziston parlamentining Mehnat, sog‘liqni saqlash, ayollar ishlari va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi O‘zbekiston bilan davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Kelishuv 2026-yil 30-iyul kuni Cho‘lpon-Ota shahrida Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan.
Hujjatga ko‘ra, ikki mamlakat fuqarolarining O‘zbekiston va Qirg‘izistonda orttirgan sug‘urta staji pensiya tayinlashda o‘zaro hisobga olinadi. Agar bir davlatda to‘plangan ish staji pensiya olish uchun yetarli bo‘lmasa, boshqa mamlakatda ishlagan davri ham unga qo‘shiladi. Bunda bir vaqtning o‘zida ikki davlatda ishlangan davrlar takroran hisoblanmaydi.
Har bir mamlakat pensiyani o‘z qonunchiligiga muvofiq tayinlaydi va to‘laydi. Uning miqdori esa pensiya tayinlayotgan davlatda olingan ish haqi hamda to‘langan sug‘urta badallari asosida belgilanadi.
Shartnoma qarilik, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari, pensiya jamg‘armalari hamda dafn marosimi nafaqalariga tatbiq etiladi.
Kelishuvga ko‘ra, fuqarolar ikki mamlakatdan qaysi birida yashashidan qat’i nazar, pensiya olishlari mumkin. To‘lovlar yetkazib berish xarajatlari chegirilmagan holda amalga oshiriladi. Biroq doimiy yashashni talab qiladigan to‘lovlar bundan mustasno.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Qirg‘izistonda ishlayotgan 8 288 nafar O‘zbekiston fuqarosi uchun jami 86,4 million so‘m sug‘urta mukofoti to‘langan. Tashqi ishlar vazirligi esa O‘zbekistonda taxminan 6 300 nafar Qirg‘iziston fuqarosi mehnat qilayotganini ma’lum qilgan.








