AQShga kirish qoidalari o‘zgardi: o‘zbekistonliklarga talablar eslatildi
Yangi talab 2027-yil 16-fevralgacha amal qiladi.

AQShga uchishni rejalashtirayotgan yo‘lovchilar parvozdan oldin so‘nggi 21 kun ichida Kongo Demokratik Respublikasi hududida bo‘lmaganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak. Yangi talab 16-noyabrdan kuchga kirgan.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmatining xabar berishicha, qo‘shimcha qoidalar AQSh Transport xavfsizligi boshqarmasi (TSA) va Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) Ebola virusi tarqalishiga qarshi choralari doirasida joriy etilgan.
Talablar AQShga borayotgan, mamlakat hududi orqali tranzit bilan o‘tayotgan hamda AQShdan uchayotgan yo‘lovchilarga nisbatan qo‘llaniladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, har bir yo‘lovchi parvozdan oldingi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lmaganini tasdiqlovchi maxsus hujjat — Attestation taqdim etishi shart. Hujjat ro‘yxatdan o‘tish vaqtida va samolyotga chiqishdan oldin tekshiriladi.
Yangi qoidalar 2027-yil 16-fevralgacha amal qiladi.
Aviakompaniya yo‘lovchilardan safarlarini rejalashtirishda ushbu talablarni hisobga olishni va aeroportga oldindan yetib kelishni so‘ragan.








