O‘zbekistonda fuqaroliksizlikni kamaytirish: 91 mingdan ortiq kishi fuqarolik oldi
1992–2016-yillarda esa bu ko‘rsatkich 482 kishini tashkil etgan.

2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan. Taqqoslash uchun, 1992–2016-yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 482 kishini tashkil etgan.
“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, bu raqamlar Toshkentda Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun fuqaroliksizlikni kamaytirish va bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan treningda ma’lum qilingan.
Treningning asosiy maqsadi fuqaroliksizlikning oldini olish va uni kamaytirish bo‘yicha xalqaro standartlar, jumladan, 1961-yilgi Fuqaroliksizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyada belgilangan huquqiy kafolatlar haqidagi bilimlarni oshirishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni aniqlash, hujjatlashtirish va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
Treningni ochib bergan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov fuqaroliksizlik muammosini hal etish “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, 2020-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan.
Akmal Saidov 2016-yildan buyon fuqarolik olganlar soni 91 mingdan oshganini mahalliy ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati bilan ham bog‘lagan. Uning ta’kidlashicha, Ichki ishlar vazirligi fuqarolik masalalarida davlat siyosatini amalga oshiruvchi asosiy ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Tadbir davomida Markaziy Osiyoda fuqaroliksizlikning oldini olish va uni bartaraf etish borasidagi yutuqlar, mavjud muammolar, mintaqaviy tajribalar hamda Ashxobod deklaratsiyasi yuzasidan ham taqdimot va muhokamalar o‘tkazilgan.








