Mahkumlar ham oliy ta’lim olishi mumkin: 2027-yildan yangi imkoniyat yaratiladi
Mahkumlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasbga o‘qitish dasturlari joriy etiladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiy moslashuvini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda 2026-yil 16-noyabrda qabul qilingan Prezident qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2030-yilgacha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etiladi. Har yili kamida 15–20 ming nafar mahkumni kasbga o‘qitish rejalashtirilgan. Bu orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish maqsad qilingan.
“Yangi hayot” dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab mahkumlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va to‘lov-kontrakt asosida masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi.
Bundan tashqari, yosh mahkumlar orasidan saylov orqali yoshlar faollari tanlanadi. Ular har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.
Barcha koloniyalarda mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkaziladi. Shuningdek, koloniya kutubxonalarida “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.








