Korrupsiyaga qarshi tekshiruvlar: 1 500 nafardan ortiq xodim ishdan bo‘shatildi
O‘zbekistonda 10 oy davomida 5 368 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

2026-yil yanvar–oktabr oylarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan 5 368 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruvlar yakunida xodimlarga nisbatan 594 ta jinoiy, 160 ta ma’muriy va 4 604 ta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, 1 565 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma'lum qildi.
Davlat xaridlari sohasida ham qator qonunbuzilishlar aniqlangan. Jumladan, 57,5 milliard so‘mlik 24 ta xaridda manfaatlar to‘qnashuvi, 239,9 milliard so‘mlik 90 ta xaridda esa affillanganlik bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlanib, bartaraf etilgan.
Hisobot davrida 18 970 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvining oldi olingan, mavjud 1 689 ta holat bartaraf etilgan. Qonunchilik talablarini buzish bilan bog‘liq 322 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Brifingda beshta vazirlik va tashkilotda o‘tkazilayotgan huquqiy eksperiment natijalari ham taqdim etilgan. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida davlat xaridlari va tibbiy jihozlar narxlarini qayta ko‘rib chiqish orqali 247 milliard so‘m budjet mablag‘i tejalgan.








