Namangan iqtisodiyotini 9,5 foizga o‘stirish imkoniyati bor: investitsiyalar 7–8 mlrd dollarga yetishi mumkin
Namangan viloyatida umumiy qiymati 5,4 mlrd dollarlik yangi investitsiya takliflari shakllantirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish va aholi bandligini oshirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2026-yil yakunida Namangan viloyatiga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 5,4 mlrd dollarga, eksport esa 1,2 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
Kelgusi yilda iqtisodiy o‘sishni 9,5 foizga yetkazish, xorijiy investitsiyalar hajmini 7–8 mlrd dollarga, eksportni esa 1,3 mlrd dollarga oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Ushbu maqsadlar uchun umumiy qiymati 5,4 mlrd dollarlik yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan. Davlat rahbari takliflarni aniq loyihalarga aylantirish, investorlar uchun zarur sharoit yaratish va tashabbuslar ijrosini nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish loyihasi ham taqdim etildi. Unga ko‘ra, soatiga 1,2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal hamda yiliga 21,2 ming tonna yukni qabul qilish quvvatiga ega kargo infratuzilmasi barpo etilmoqda. Sanoat sohasida Chust tumanida 260 mln dollarlik to‘qimachilik bo‘yoqlari ishlab chiqarish, 150 mln dollarlik chiqindilardan elektr energiyasi olish va 125 mln dollarlik bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar tayyorlash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Pop tumanida kumush konsentrati, Yangi Namanganda esa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Yangi Namangan shaharchasida zamonaviy IT-park binosini qurish ham ko‘zda tutilgan. Unda o‘nlab texnologik korxonalar faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Yangi Namangan shaharchasida 50 ming xonadonga mo‘ljallangan turar joylar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda viloyatdagi 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanida 70 ming bosh qo‘yga mo‘ljallangan zamonaviy klaster faoliyati, bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini rivojlantirish ishlari ko‘rib chiqildi. Kosonsoy tumanida esa 25 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik chorvachilik kompleksini barpo etish rejasi muhokama qilindi.
Chust tumanidagi Olmos shaharchasida dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusi ham taqdim etildi. Unda agroakademiya, agroinnovatsiya markazi, agrosanoat parki, agrologistika va agroturizm yo‘nalishlarini birlashtirish taklif etilgan.
Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan yuqori hosilli kartoshka urug‘chiligi, eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Intensiv va organik bog‘dorchilikni kengaytirish, Pop tumani adirlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligiga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.








