30 mingga yaqin pedagog kasbiy sinovdan o‘ta olmadi: har 9 pedagogdan faqat 2 nafari sertifikat oldi
Eng yuqori natija Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilarida qayd etildi.

2024–2026-yillarda o‘tkazilgan oltita kasbiy sertifikatlash sinovida jami 47 936 nafar pedagog ishtirok etdi. Ularning 18 079 nafari, ya’ni 37,7 foizi sertifikat oldi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ma’lum qildi.
Agentlik sertifikatlash natijalarini O‘zbekistonning 14 ta hududi, shuningdek, 46 ta fan va mutaxassislik bo‘yicha tahlil qilgan. Sinovlarda mamlakatdagi jami pedagoglarning 6,9 foizi qatnashgan. 7 560 nafar pedagog esa imtihonga umuman kelmagan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, pedagog tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining sertifikat olish ko‘rsatkichi 37,2 foizni, an’anaviy universitetlar bitiruvchilariniki esa 39,9 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 1 676 nafar pedagog sertifikat olish uchun talab etilgan natijaga erishishiga atigi bitta to‘g‘ri javob yetmagan.
Ish staji bo‘yicha natijalarda ham sezilarli farq kuzatilgan. Jumladan, 20 yil va undan ortiq ish stajiga ega pedagoglarning 19,2 foizi, kasbga yangi kirib kelganlarning esa 45,2 foizi sertifikat olgan.
Fanlar kesimida informatika, fizika va biologiya yo‘nalishlarida har 9 nafar pedagogdan atigi 2 nafari sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari natijalari o‘rtasidagi farq 2,6 baravarni tashkil etgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilarida qayd etilib, ularning 58,2 foizi sertifikat olgan.








