36 ming dollarlik opiy savdosi fosh etildi: uch viloyatda narkotik moddalar bilan bog‘liq holatlar aniqlandi
Qashqadaryodagi YPX maskanida tekshirilgan avtomobil yo‘lovchisidan 327 gr opiy va 127 gr gashish topilgan.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor profilaktik tadbirlari davomida Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Samarqand viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi, bojxona va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumanida yashovchi, 1987 va 1994-yillarda tug‘ilgan ikki shaxs 1 kg 950 gr opiyni 36 ming dollarga sotayotgan vaqtida ushlangan. Narkotik modda kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kirilgan.
Xorazm viloyatidagi tadbirda esa 1999-yilda tug‘ilgan shaxs Urganch tumanida vaqtincha yashayotgan xonadonidan chiqayotganida to‘xtatilgan. Shu paytda uning tanishi bo‘lgan ayol xonadon derazasidan sellofan paketni tashqariga uloqtirgan. Paket ko‘zdan kechirilganda, unda 715 gr gashish, 0,92 gr mefedron hamda pregabalin moddasi bo‘lgan «PGN 300» nomli 23 dona dori vositasi borligi aniqlangan.
Qashqadaryo viloyatidagi «Umakay» yo‘l-patrul xizmati maskanida Surxondaryodan Toshkentga ketayotgan «Cobalt» avtomobili to‘xtatilib, tekshirilgan. Avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan shaxsning yonidan 327 gr opiy va 127 gr gashish topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu moddalar avval Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








