Toshkentda Erasmus+ ekspertlarining xalqaro konferensiyasi boshlandi
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vakillari ishtirokida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan xalqaro forumlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Oliy ta’limni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi Erasmus+ ekspertlarining xalqaro konferensiyasi hamda “Ilmiy axborotdan foydalanish va nashr faolligi” nomli 10-an’anaviy ilmiy-ta’lim forumi boshlandi.
19–20-noyabr kunlari o‘tkazilayotgan tadbir Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamda Erasmus+ Milliy ofisi hamkorligida tashkil etilgan.
Anjumanda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari vakillari, Erasmus+ loyihalari koordinatorlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar oliy ta’lim tizimini isloh qilish, Erasmus+ loyihalarining ta’siri, ilmiy tadqiqotlarda sun’iy intellektdan foydalanish hamda ilmiy nashrlar faolligini oshirish masalalarini muhokama qilmoqda.








