Endi pensiyaga muddatidan oldin chiqish uchun idorama-idora yurish shart emas
Korxona tugatilishi yoki shtatlar qisqarishi sababli ishsiz qolgan fuqarolar pensiyaga chiqish uchun onlayn ariza berishi mumkin.

O‘zbekistonda korxona yoki tashkilot faoliyati tugatilgani yoxud shtatlar qisqargani sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani endi my.gov.uz portali orqali rasmiylashtirishi mumkin. Yangi xizmat bepul yo‘lga qo‘yilgan.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lumotiga ko‘ra, ushbu imkoniyatdan belgilangan mehnat stajiga ega bo‘lgan 58–60 yoshdagi erkaklar va 53–55 yoshdagi ayollar foydalanishi mumkin.
Bunda erkaklarning kamida 25 yillik, ayollarning esa kamida 20 yillik mehnat staji bo‘lishi talab etiladi.
Ariza topshirish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi taqdim etiladi. Agar mehnat staji haqidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham kerak bo‘ladi.
Ariza ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik bo‘limiga murojaat qilishi lozim.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab uch oy ichida maqbul ish topib berilmasa, fuqaro belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Shundan so‘ng muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboriladi.
Xizmatdan foydalanish bepul. Arizani my.gov.uz portali orqali yuborish mumkin.








