Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi 20 foizga oshdi: metropoliten murojaat bilan chiqdi
Gavjumlikni kamaytirish uchun Chilonzor bekati o‘rniga «Mirzo Ulug‘bek», Xalqlar do‘stligi bekati o‘rniga esa «Milliy bog‘» bekatidan foydalanish tavsiya etilmoqda.

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oshdi. Shu munosabat bilan metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilarga murojaat qilib, gavjumlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil sentabr–oktabr oylarida metro xizmatlaridan 51,4 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026-yilning ayni davrida bu ko‘rsatkich 61,7 million nafarga yetgan. Hozirda metropoliten kuniga 1,2 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Toshkent metropoliteni vagon parkida 55 ta zamonaviy va xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan 30 ta eski harakat tarkibi mavjud. Yangi poyezdlar 1 300 nafargacha, eski tarkiblar esa o‘rtacha 1 000 nafargacha yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega.
Yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan bekatlarga qo‘shimcha zaxira poyezdlari yo‘naltirilmoqda, yo‘nalishlarda harakat intervallari imkon qadar qisqartirilgan. Shuningdek, vagonlarga xavfsiz va tartibli chiqib-tushishni ta’minlash uchun mas’ul xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yo‘lovchilar oqimini hisobga olib, 2027–2028-yillarda Toshkent metropoliteni uchun 28 ta besh vagonli zamonaviy harakat tarkibini xarid qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mavjud zamonaviy poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar olib kelish orqali yana 40 ta harakat tarkibidagi vagonlar sonini beshtaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilardan gavjumlikni kamaytirish uchun poyezdlarning o‘rta vagonlaridan ham foydalanish, imkon qadar muqobil bekatlarni tanlash, yangi harakat tarkiblariga chiqish, poyezddan tushayotgan yo‘lovchilarga yo‘l berish va bekatga yetib kelishdan oldin eshiklar tomon harakatlanishni so‘radi.
Xususan, Chilonzor bekati o‘rniga Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi bekati o‘rniga esa Milliy bog‘ bekatidan foydalanish gavjumlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Metropoliten yo‘lovchilardan bekatlar va vagonlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, o‘zaro hurmat va tartibni saqlashni so‘radi.








