Ukraina taqdiri Zelenskiysiz hal etilmaydi — Tramp
AQSh prezidenti mojaro bo‘yicha yakuniy qaror Ukraina prezidenti bilan kelishmasdan qabul qilinmasligini aytdi.

Donald Tramp Ukraina mojarosi bo‘yicha yakuniy qarorlar Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning ishtirokisiz qabul qilinmasligini bildirdi. Bu haqda NBC News jurnalisti Geyb Gutyerres Tramp bilan suhbatiga tayanib ma’lum qildi.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u Trampdan Zelenskiyning Ukraina bo‘yicha qarorlar uning ishtirokisiz qabul qilinmasligi kerakligi haqidagi bayonoti yuzasidan so‘ragan. AQSh prezidenti bu fikrga qo‘shilganini aytgan.
“Men u bilan roziman. Usiz hech narsa qilmasdim — u bu mamlakatning yetakchisi”, — degan Tramp.
Ukraina masalasi Trampning Xitoyning Shenchjen shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan ikki tomonlama uchrashuvida ham muhokama qilingan. Putin bu mavzu Amerika tomonining tashabbusi bilan batafsil ko‘rib chiqilganini aytgan. Tramp ham Ukraina mojarosi muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘lganini tasdiqlagan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Putin va Tramp uchrashuvini Rossiya, AQSh va Xitoy rahbarlari ishtirokidagi uch tomonlama sammitga tayyorgarlik sifatida ta’riflagan. Sammit boshlanishida Tramp ham Ukraina mojarosi muhokama qilinishini bildirgan.
Shuningdek, Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Germaniya kansleri Fridrix Mertsga Xitoydagi muzokaralar haqida ma’lumot bergan. Ular Berlindagi “tayyorlar koalitsiyasi” sammitida ishtirok etgan. Uchrashuvda Vladimir Zelenskiy ham qatnashgan.








