Yevropa Ittifoqidan Ukrainaga rekord yordam: 7,9 mlrd yevro ajratildi
Mablag‘ 20 dan ortiq islohot choralarini amalga oshirish sharti bilan ajratilgan.

Yevropa Komissiyasi Ukrainaga moliyaviy ehtiyojlarini qoplash va davlat boshqaruvi tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 7,9 milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratdi. Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ushbu to‘lov Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga hozirgacha taqdim etilgan eng yirik bir martalik moliyaviy yordam ekanini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel Ukrainaning Yevropa integratsiyasiga intilishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Fon der Lyayen ajratilgan mablag‘ni rekord darajadagi to‘lov deb atab, bu yordam islohotlardagi aniq natijalar bilan bog‘liqligini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, 16-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga 8 milliard yevro ajratishni ma’qullagan. Mablag‘larning qariyb 5 milliard yevrosi 2026-yil uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kreditidan yo‘naltiriladi.
Moliyaviy yordamni olish uchun Ukraina sud tizimini isloh qilish, korrupsiya va pul yuvishga qarshi kurash, davlat aktivlarini boshqarish, moliya bozorlari, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli transformatsiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarda 20 dan ortiq maqsadli islohot choralarini amalga oshirgan.
Ukraina mexanizmi 2024-yil 1-martda tashkil etilgan bo‘lib, 2027-yilgacha mamlakatni tiklash, qayta qurish va modernizatsiya qilish uchun 50 milliard yevrodan ortiq grant va kredit ajratishni nazarda tutadi. Ushbu mablag‘larning 40 milliard yevrodan ortig‘i “Ukraina rejasi” doirasida islohotlar va investitsiyalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.








